Ikkita xorijiy kompaniya O‘zbekistonda pullik yo‘llarni qurish loyihalarida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

1-may kuni vazir o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Yaponiyaning “Sojitz” kompaniyasi Yevropa filiali bosh menejeri Machida Yasuhide hamda Turkiyaning “Rönesans” kompaniyasi boshqaruv raisi Djem Ozoguz bilan uchrashdi.

Unda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Xorijiy kompaniya vakillari O‘zbekistonda pullik avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirayotganligini ma’lum qildi.

Xorijiy kompaniya vakillariga mamlakatda transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida DXSh asosida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

2023-yilning oxirida Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ishlab chiqildi. Texnik-iqtisodiy hujjatini ishlab chiqishga YeTTB tomonidan $350 ming miqdorida grant mablag‘lari ajratildi.

Buning hisobidan Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan dastlabki texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqildi. Bank tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.

Tender g‘olibi — Turkiyaning “Proyapı Mühendislik ve Müşavirlik” (Proyapi) kompaniyasi bilan esa 1 mln yevroga teng shartnoma imzolandi. Mazkur pullik yo‘l qurilishi 2026-yilgacha amalga oshirilishi belgilangan 5ta loyihadan bittasi hisoblanadi.

Avvalroq Xitoyning “CITIC” kompaniyasi O‘zbekistonda pulli yo‘llar qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.